вторник, 22 января 2019 г.

Inson  erkiga  qo‘yilgan tuzoq
Bugungi asrimizga kelib odam savdosi jinoyati masofa va chegara tanlamasdan barcha mamlakatlarga kirib bormoqda.Odam savdosi  oqibatida minglab odamlar iqtisodiy, jismoniy va ma’naviy zarar ko‘rmoqdalar.Odamlarning ishonuvchanligi, huquqiy bilimlarining yetishmasligidan foydalangan holda bir guruh razil kimsalar ushbu mudhish jinoyatlarni sodir etmoqdalar.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, har yili dunyo bo‘yicha taxminan, 2 million 800 ming kishi odam savdosi qurboniga aylanayotir. Ularning 80 foizga yaqinini ayollar va bolalar tashkil etishi yanada achinarlidir. Har bir shaxs erkin va ozod bo‘lib tug‘iladi, uning erkinligini cheklashga hech kimning haqqi yo‘q. Demokratik davlatlarda bu kabi so‘zlar asosiy qonunlarda o‘z aksini topgan. Fuqarolar haq-huquqlarini himoya qilish- davlatning eng asosiy vazifalaridandir.
Odam savdosi transmilliy jinoyat sifatida dunyo hamjamiyatini o‘ylantirib kelayotgan muammolardan biridir.BMT Bosh Assambleyasining 1948 -yil 10-dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 4-moddasida bayon etilganidek, “Hech kim qullikda yoki erksiz holatda saqlanishi mumkin emas; qullik va qul savdosining barcha ko‘rinishlari taqiqlanadi”. Odam savdosi jinoyati qullikning yangicha ko‘rinishidir.Shuningdek, BMT 2003-yilda  majburiy nikohni va jinsiy ekspluatatsiyani ham qullikning zamonaviy shakllari deb e’tirof etdi.
Aksariyat insonlarning jinoiy guruhlar tuzog‘iga tushib qolishiga noqonuniy migratsion faoliyatlari sabab bo‘lmoqda. Mo‘may daromad ilinjida chuqur o‘ylanmasdan qilinayotgan bu harakatlar jinoyatning ko‘lamdorligini yanada  oshirmoqda.
Odam savdosi transmilliy uyushgan jinoyatchilik ko‘rinishlarini namoyon qilib, undan olinayotgan daromad 2015- yili 10 milliard dollarga yetdi hamda bu daromadning asosiy qismini  bolalar va xotin-qizlar savdosidan keladigan daromad tashkil etishi yanada achinarlidir.  Millat genofondini buzadigan bu jinoiy biznes daromad manbai bo‘yicha giyohvand moddalar va qurol savdosidan keyin uchinchi o‘rinda turadi.Bu esa insoniyatning ushbu jinoyatga qarshi kurashishi nechog‘lik muhim ekanligini yana bir bor anglatadi.Insonni o‘g‘irlash holatlari ko‘pligi bo‘yicha ro‘yxatda Meksika, Iroq, Braziliya, JAR, Venesuela, Ekvador, Pokiston, Nigeriya, Kolumbiya va Bangladesh davlatlari oldingi o’rinda turibdi.Statistik ma’lumotlarga qaraganda, yiliga o‘rtacha hisobda 35 ming kishi, asosan, yoshlar o‘g‘irlab ketilmoqda, ularning atigi 10 foizi keyinchalik fosh qilinadi, xolos. Qolganlarining taqdiri o‘ta ayanchli yakun topmoqda: ularning ichki organlari olinib, katta pulga sotib yuboriladi.
 “Organs Watch” tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Osiyo, Yaqin Sharq, Sharqiy Yevropa, Janubiy Afrika, Lotin Amerikasining 50 mamlakatida bu qaltis tijorat bo‘yicha o‘ziga xos global raqobat kechmoqda.JSST har yili bu turdagi 10 minglab operatsiyalar bajarilishini qayd etdi. Bu jinoyatning keng tomir otishi mahalliy jinoiy guruhlarni global sindikatlarga birlashishiga, ularning g‘oyatda xavfli tus olib mobillashuviga xizmat qilmoqda. Ularni to‘liq kuzatib borish va to‘xtatib qolish yil sayin murakkablik kasb etayotir. Bu jinoiy tizim donor organlarini sotuvchi tarmoqlar, yashirin operatsiyalarni juda tez o‘tkazuvchi jarrohlar, vositachilar, patsientlar va sotib oluvchilarni qamrab oladi.
Afkor omma nazdida bu ishlar jinoyat va inson huquqlarining qo‘pol buzilishi hisoblanadi. Donor organlarga talabgor bemorlarning fikriga ko‘ra esa insonning yashab qolishi va tuzalishi uchun har qanday vosita o‘zini oqlaydi. Ammo ular bu o‘rinda o‘z sog‘lig‘i uchun boshqalar hayotiga tahdid solish ham yangi kasalliklar yaratishini va o‘zgalar sog‘lig‘iga tuzatib bo‘lmas ziyon yetkazishlarini unutib qo‘yadilar. Aytish kerakki,AQShda inson organlarining savdosi 1984 yili noqonuniy deya tan olinganiga qaramay, u bu borada dunyoda yetakchilik qiladi. Aynan bu holatlar ham odam savdosiga bevosita va bilvosita bog‘liqlikni tashkil etmoqda.
Yurtimizda ham odam savdosiga qarshi kurash uchun prokuratura, ichki ishlar organlari, davlat xavfsizlik xizmatlari harakat qilishmoqda. O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 12-dekabrda qabul qilingan  “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni, Birinchi Prezidentimizning 2008-yil 8-iyuldagi “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu jirkanch  jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashishda muhim dasturulamal bo‘lmoqda. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 135-moddasida odam savdosi bilan shug‘ullanish uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Odam savdosi jinoyati qurbonlari bo‘lgan shaxslar ruhiy jihatdan toliqadilar, odamlarga ishonchi yo‘qoladi. Eng achinarlisi jamiyatga nisbatan salbiy munosabati shakllanadi.Aynan shunday paytlarda ular har jihatdan ko‘makka muhtoj bo‘ladilar. O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 5-noyabrda “Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror asosida tashkil etilgan markaz odam savdosidan aziyat chekkanlarga har tomonlama ko‘mak berib kelmoqda.

Davr bizdan shijoatkorlik, faollik bilan bir qatorda ogohlikni ham talab etadi.Bajarayotgan amalimiz, qilayotgan ishlarimiz, bosayotgan har bir qadamimiz bizni qaysi yo‘lga boshlayotganligini  anglashimiz muhimdir. Zero, razil kimsalar aldovlariga aldanib qolmasligimiz, shuningdek bu kabi jinoyatlarni o‘zimiz ham bajarmasligimiz lozim. Unutmaylikki, jinoyat va jazoning orasi bir qadam. Jinoyatga jazo doimo muqarrar.

Комментариев нет:

Отправить комментарий

Халқ — давлат ҳокимиятининг бирдан-бир манбаи   Ўзбекистон Республикаси Конституциясининг аввалги таҳрири 1992 йил 8 декабрда Ўзбекистон х...