вторник, 11 декабря 2018 г.

BEMINNAT  DO’ST
        E’tibor berganmisiz yo’qmi, bilmadim-ku, sizning sadoqatga tengsiz do’stingiz bor. Qachon xohlasangiz siz bilan hamsuhbat bo’ladi. Shod paytingizda quvonchingizga quvonch qo’shadi. G’amgin pallada dardingiz oladi. Bilmaganingizni o’rgatadi. Adashsangiz, to’g’ri yo’l ko’rsatadi. Yaqin kishilaringiz burilib ketganida ham u sizni tark etmaydi. Xizmati uchun hech nima tama qilmaydi. Yillab unutib, tashlab qo’ysangiz indamaydi. Hatto uloqtirib yuborsangiz ham arazlamaydi. Tag’in chorlasangiz, yetib kelib, xizmatingizni qilaveradi…
       … Bu do’stning nomi – Kitob!                                    
                                                                                                                                                             
                                                                                                        O’tkir Hoshimov

    
         Kitob o‘tmishni  bugun va kelajakka  bog‘laydigan  o‘ziga xos ko‘prik, ma’naviy meros, tuganmas xazina va aql qal’asidir . Haqiqiy kitobni qadrlaydigan insonlargina uning  bu kabi qimmatini anglab yetishadi.
       Har bir inson o‘z kelajagini o‘zi yaratadi. Kelajagining poydevori mustahkam bo‘lishi uchun esa, yoshlikdan ilm olishga intilish kerak. Zero, yoshlikda olgan bilim toshga o‘yilgan naqsh demakdir. Kitob aqlni charxlaydi. Kitobsiz bilimli, madaniyatli, ma’naviyatli inson bo‘lib yetishish mumkin emas.
  Buyuk  bobokalonimiz , tabobat ilmining sultoni , mashhur tabib   Abu  Ali  Ibn Sino  betob bo‘lgan   Buxoro  amiri  Nuh  ibn  Mansurni  davolagach , amir tomonidan  “Senga bu yordaming uchun nima ato qilay?” degan savolga bobokalonimiz saroy kutubxonasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo’lishni  afzal  bilgan edi .Demak , haqiqiy komil inson kitobning  qadriga yetadi , uni har qanday o‘tkinchi narsalardan ustun qo‘yib , o‘zi bilan birga abadiy xazinani saqlab yuradi .
Har bir ziyoli odamning kelajagi ham kitob bilan bog‘liq.Inson o‘z oldiga qo‘ygan orzu-maqsadlariga chuqur bilimi, izlanishi orqali erishadi. Bilimni esa insonga albatta, kitob beradi.
  Ko‘p kitob o‘qigan inson hayotga teran nazar bilan qaraydi. Dunyoqarashi kengayib, fikr doirasi, so’z boyligi yanada ortib boradi. Buyuk  dramaturg  Viliyam Shekspir    kitoblar haqida shunday degan edi : “Kitob muqovasi zarhalli bo‘libgina qolmay, ichidagi mazmuni ham oltinga teng bo‘lsa, u alohida ahamiyat kasb etadi”.
 Yapon  maktablaridan  birida  jahon tarixidagi  eng  buyuk  kashfiyot  nima, degan so‘rovnoma  o‘tkazilgan  ekan.  Bu so‘rovnomada  ishtirok  etganlar  o‘zlari  mo‘jiza  deb  bilgan  turli  narsalarni  tilga  olishgan : olov, dvigatel , atom bombasi,elektrotexnika va boshqa bir necha narsalar . Biroq qatnashchilar ichidan 6- sinf o‘quvchisining  “Eng zo‘r kashfiyot – kitob” deb bildirgan javobi hay’at a’zolariga ma’qul tushgan ekan . Nima sababdan aynan kitob, degan savoliga  u  “Qolganlarning fikrlari ham to‘g‘ri, lekin kitob bo‘lmasa, ularning birortasi ham ixtiro qilinmasdi-ku”, deb javob bergan.Buni qarangki, ko‘pchilikni xayoliga ham kelmagan ushbu  javob  chinakam haqiqat ekanligi  asta - sekin o‘z isbotini topib boryapti .  Kitob haqiqatdan ham, mo‘jiza , unda keltirilib  o‘tilgan  jumlalar  beixtiyor  kitobxonga   yuqish ,  unga ruhiy ta’sir o‘tkazish , aqliy  o‘stirish  kabi vazifalarni bajarishga qodir .
      Kitob - tafakkur va qalb ehtiyojini qondiruvchi omil sifatida inson  ruhini tarbiyalaydi , uning  shaxsi shakllanishida asosiy turtki beruvchidir .   Kitob  mutolaa qilish jarayonida  undagi ma’lumotlarni  kishi nafaqat ongi va ko’zi ,  shuningdek ko‘nglini ham birdek uyg‘oq holda tutishi bilan xotirasida saqlab qolishi mumkin .   Kitob o‘qishdan maqsad  bu –  uning mazmunini anglab yetish , unga singdirilgan ma’no-mazmunni qalban tuyish  va bu  orqali  ma’nan ozuqaga ega bo‘lishdir .  Kitob mutoalasi  insonda ma’naviy bo‘shliq  paydo bo‘lishiga zinhor va zinhor  yo‘l qo‘ymaydi , shunday ekan   kitobni mutolaa qiluvchi har qanday inson    yuksak  ma’naviyatli shaxs bo‘lib yetishishi mumkin. Ko’p kitob o’qigan insonning ma’naviy barkamolligi ortib boradi. Aynan kitoblar orqali insonlar hayot haqiqatlarini anglay oladilar. Kitob insonni ma’naviyatning eng yuqori marrasiga, haqiqat cho‘qqisiga eltadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
    Tursunoy Sodiqova o‘zining  “Dunyo  buyuk  uquvxonadir”  asarida shunday degan edi :“Qizlarimiz yoshligidan kitobxon bo‘lishiga intilaylik. Kitob uning xayollariga qanot beradi, tafakkuri o‘sadi, inson ruhiyati bilan tanishtiradi. Kitob ko‘rgan kishi odamlar bilan muomalani o‘rganadi. Kitob unga dunyoni ko‘rsatadi. Hayrat beradi, sevinch va qayg‘u  qayerdan bino bo‘lishini bildiradi.  Axir, bu ulg‘ayish degani. Va qizimizning  bu  bisoti  bir  kuni  bolasiga  bexato  o‘tadi.”
Shu  o‘rinda  nega  aynan  qizlar deya qaratilib aytilganiga to‘xtaladigan bo‘lsak,  qiz- ayol  kelajak avlodni dunyoga keltiruvchi yaratiqdir. Qachonki, ona ma’rifatli, ma’naviyatli bo’lsa, uning farzandi ham o’z o‘rnida ruhan va aqlan yetuk inson bo’lib yetishishi shubhasizdir .
     Bugungi  kunda  ko‘pchilik ota-onalarimiz  o‘z farzandlariga so‘nggi texnologiyalar asosida dasturlashtirilgan turli o‘yinlar, qo‘g‘irchoq-u o‘yinchoqlar  olib berishni kanda qilishmaydi . Biroq, ularni kamdan-kam hollarda   kitob  olib berganliklarini guvohi bo‘lishimiz mumkin. Aslida kattalar tomonidan qilinuvchi ushbu harakat  mutlaqo xatodir . Dastlab ular  kitob   xarid qilar ekan, uni bolalariga ehtiyot qilishini o‘rgatib bir ma’naviy tarbiya berishsa, kitob mazmunidan kelib chiquvchi bunyodkor g‘oyalar tufayli esa eng muhim xulosalarga ega tarbiya bergan bo‘lishadi .Zero, mutolaa – baxt, mutolaa – quvonch, mutolaa – ehtiyoj, mutolaa – idrok quvvati demakdir.
Abdurazoqova Umida
Termiz shahar 11-umumiy o’rta ta’lim maktabi

11-sinf o’quvchisi 

Комментариев нет:

Отправить комментарий

Халқ — давлат ҳокимиятининг бирдан-бир манбаи   Ўзбекистон Республикаси Конституциясининг аввалги таҳрири 1992 йил 8 декабрда Ўзбекистон х...