вторник, 11 декабря 2018 г.

Yurtboshimning yuksak e’tibori
        
    Har bir mamlakatning kelajagi uning kuchga to’la yoshlari qo’lidadir. Albatta qudratli yurtning farzandlari sog’lom bo’lmog’i darkor. Ham jismonan, ham ma’nan sog’lom bo’lgan yoshlargina buyuk kelajak barpo qila oladilar.

  Yaqinda ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlarni kuzata turib, bir ma’lumotga ko’zim tushdi. Unda yozilishicha: “Britaniya kardiologiya fondi va bir nechta yirik shahar shifokorlari yoshlar orasida yurak xastaliklari, o’pka saratoni kabi kasalliklarning sonini oshganligi haqida ma’lumot berilgan. Britaniya kardiologiya fondi mamlakatda chilimxonalar ommabop bo’layotganidan tashvishga tushmoqda. Sababi kardiologlar yoshlar orasida bu kabi xastaliklarning kelib chiqishini chilimxonalarning ommabop bo’lib borayotgani bilan bog’lashmoqda. Bir soat ichida chekib tugatiladigan chilimning bir porsiyasi 100 ta sigaretga teng, deyishmoqda ular, chilim chekishni sigaretalarni tomir ichiga yuborish bilan tenglashtirgan holda. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko’ra, chilim chekuvchilar katta miqdorda toksinlar va kanserogenlarni tortadi. Guruh bo’lib foydalanilganda inson tupugi orqali turli kasalliklar yuqishi ehtimoli mavjud. Shu bilan birga, saraton va nafas olish kasalliklarini keltirib chiqaruvchi benzol va akrolein moddalari ko’payadi. Chilim chekish inson salomatligiga putur yetkazishi, uning zarari sigareta chekishdagidan kam emasligi aniqlangan.
Keyingi paytlarda tungi bar, kafe, restoranlarda chilim chekish urfga aylanmoqda. Chilimni ko’p iste’mol qilish oqibatida yoshlarning o’pka saratoni, yurak xastaliklari bilan kasallanishi achinarli holat. Lekin undan ham achinarlisi, kasalliklar keltirib chiqarayotgan bu baloning mamlakatimiz yoshlariga ham xavf solishidadir.  Ushbu xatarning oldini olish maqsadida Yurtboshimiz 2-iyul kuni “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to’g’risida” gi qonunga imzo chekdi. Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan ushbu Qonun fuqarolarning sog’ligini chilim va elektron sigaretalar chekishning zararli ta’siridan, u bilan bog’liq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan muhofaza qilishga shuningdek, jamiyatda sog’lom turmush tarzini shakllantirish hamda qaror toptirishning tashkiliy va huquqiy sharoitlarni yaratishga qaratilgan. Barchamiz uchun maqbul bo’lgan ushbu qonun bo’lishi mumkin bo’lgan kasalliklar va ko’ngilsizliklarni oldini oldi desak mubolag’a bo’lmaydi.Shu o‘rinda Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning ”Aslida odamga qachon va qanday sharoitda ta’sir o‘tkazish, ongi va shuuriga biron g‘oyani singdirish mumkin? Qachonki, unda o‘sha g‘oyaga qiziqish uyg‘onsa. Odamning o‘zida qiziqish bo‘lmasa, tabiiyki, uning miyasiga zo‘ravonlik bilan hech narsani singdirib bo‘lmaydi”, deb hammamizni sergaklikka chaqirganini esga olaylik. Haqiqatan ham agarda yoshlarning tungi barlarda vaqtini o’tkazishga, chilim va elektron sigaretalar chekishga qiziqishi bo’lmasa, ular orasida har xil kasalliklar, huquqbuzarliklar sodir bo’lmas edi. Bu borada ota-onalar farzandlari tarbiyasiga yanada e’tiborliroq bo’lishi darkor. Darhaqiqat, har bir mamlakat o‘z fuqarolari bilimli, haq-huquqini taniydigan, ma’naviy barkamol, bir so‘z bilan aytganda, komil inson bo‘lib voyaga yetishi haqida qayg‘uradi. Yoshlar tarbiyasi sohasida tizimli va keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Ayni vaqtda, farzandlarimiz o‘zi, oilasi va jamiyat uchun foydali faoliyat bilan qanchalik ko‘p mashg‘ul bo‘lsa, shunchalik maqbul ekaniga e’tibor qaratishimiz lozim. Yoshlarni turli ijodiy, sport, til to‘garaklariga qatnashishdan tortib, oila a’zolariga uy ishlarida yordam berishga qadar bo‘lgan faoliyat bilan muntazam band etish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Shu nuqtai-nazardan, yoshlarimizni ezgu iymon va e’tiqodli, bilimdon, go‘zal xulqli, ona yurti, o‘z xalqi, oilasi va yoru-birodarlariga sadoqatli barkamol insonlar etib tarbiyalash jamiyatimiz kelajagi uchun qayg‘uradigan har bir fuqaroning dolzarb vazifasidir.

    
                                                                                          Abdurazoqova Umida
 Termiz shahar 11-umumiy o’rta
ta’lim maktabi 11-sinf o’quvchisi


Комментариев нет:

Отправить комментарий

Халқ — давлат ҳокимиятининг бирдан-бир манбаи   Ўзбекистон Республикаси Конституциясининг аввалги таҳрири 1992 йил 8 декабрда Ўзбекистон х...