Kasbim hamshira bo‘lganligi sabab viloyat Narkologiya dispanserida bir oz
muddat faoliyat olib bordim. Shu davr ichida u yerda davolanayotgan alkogol va
giyohvandlikka ruju qo‘ygan insonlar hayoti bilan yaqindan tanishishga va ularning
umrlari davomida hayoti mana shu zahri – qotillar tufayli cheksiz jarlikka
g‘arq bo‘layotganligi endi ular hohlashsalarda tubsiz jarlik iskanjasidan
qutula olishmayotganliklarini o‘ylab yashayotganligiga guvoh bo‘ldim.
Meni bu
voqeani yozishga majbur qilgan narsa yosh yigitning menga so‘zlab bergan
ayanchli qismati edi:
Men
ota-onamning yolg‘iz erka o‘g‘li edim, dedi yigit ko‘zlaridagi yoshni
yashirishga urinib.
- Yoshlik - beboshlik deganlari rost ekan. Umrimning eng gullagan davrini
maktab chog‘imdanoq ota-onamdan bekitgan holda bezori bolalar bilan o‘tkazar
edim. Darslarga o‘z vaqtida bormas, o‘rtoqlarim bilan chiqisha olmas edim.
Ota-onam doimo ishda bo‘lganliklari sabab mening bunday sayoq yurishimni
sezishmas, o‘qituvchilarim men haqimda shikoyat qilishsa meni yonimni olib,
aybsiz ekanligimni isbotlashga urinishar, o‘qituvchilarning so‘zlariga
shunchaki bepisand qarashar edi. Bu esa meni yanada ko‘proq yomon odatlar
chiqara boshlashimga zamin yaratdi. Oshnalarim bilan avvaliga chekish, spirtli
ichimliklar ichishni, davralarda otam bergan pullarni ko‘z-ko‘z qilib sochishni
odat qilib oldim. Yillar o‘tib bu odatlarim endi katta – katta davralarga
ko‘chdi va natijada giyohvandlik ko‘chasiga kirib qoldim. Bu zahri qotil meni
borgan sari o‘z domiga tortib borar edi. Ota-onam bu vaqtda meni uylantirib
qo‘yish payiga tushdi guyoki shunday qilishsa, men yomon odatlarimni tashlab
oilaparvar bo‘lib qolar emishman. Eh, qani edi shunday bo‘lsa. Ular meni yaqin
do‘stining qiziga uylantirib qo‘ydi. Hayotim bundan battar chigallashib ketdi.
Men bu zahri – qotil quliga aylanib qolib, endi hatto ochiqchasiga uydagi bor
narsalarni sota boshladim, xotinimning ham barcha tillo taqinchoqlarini uni
qo‘rqitib birovga aytmasligini aytib sotib yubordim. Shu orada u homilador bo‘ldi,
bu xabarni eshitib ham men xursand bo‘la olmadim, chunki giyohvandlik meni o‘z
domiga tortib bo‘lgan edi, har kuni uyga shirakayf holda keladigan og‘iroyoq
xotinimni uradigan ota-onamning qarshiligiga qaramasdan uydan qo‘lga ilingan
narsani sotadigan, bazan ota-onamga pul topib berishlarini talab qilib butun
uyni ostun-ustun qiladigan bo‘ldim. Rafiqamni ota-onasi bu voqyeadan xabar
topib uni o‘z uyiga olib ketdi. Oradan vaqt o‘tib xotinim tuqqanligini,
tug‘ilgan bola nogiron yani bir qo‘li yo‘q bo‘lib tug‘ilganligini eshitdim.
Farzandimning holati men manqurt otaga zarracha tasir qilmadi. Men
narkotiklarga jismonan va ruhan tobe bo‘lib qolgan edim. Narkotikning kichik
dozasi endi og‘riqga kuchi yetmas har safar dozani oshirib umrimni qisqartirib
borar edim. Bu ham yetmagandek narkotikni og‘aynilar davrasida 1 ta shpritsdan
foydalanib qabul qilar edik. Oqibatda OIVni o‘zimga yuqtirib oldim, endi men
faqat tezroq bu azoblardan qutulib o‘lishimni kutib yashamoqdaman. Men endi
o‘limga mahkumman bu hukmni men o‘zimga – o‘zim o‘qiyman. Ota-onamni ado
qildim, ularga munosib farzand bo‘la olmadim. Dunyoga kelib yaxshi amallarni
qilish o‘rniga o‘zgalarga ozor berdim o‘z hayotimni o‘zim barbod qildim...
U yig‘lab turib aytgan bu so‘zlar uning so‘ngi so‘zlari edi!
Ha, hayot go‘zal! U insonga bir marotaba beriladi. Hayotni go‘zalligini his
etib yashash bu sening ongu taffakuringga bog‘liqdir. Hayot lazzatlaridan
to‘g‘ri foydalanib, asosiysi olloh bergan umrinngni yaxshilik yo‘lida sarf et,
inson degan ulug‘ nomga dog‘ tushirma. Zero ular insonga bir bor beriladi.
Jamiyatda o‘z o‘rningni yo‘qotma, o‘zgalar umriga ham zomin bo‘lma giyohvandlik
nafaqat seni tug‘ulganingda sevinchi ichiga sig‘magan ota-onangni ham ado
qiladi. Kelajagingni barbod qiladi! Shuni unutmasak bas.
Muqaddas
Boliqulova
Комментариев нет:
Отправить комментарий