Suvchi ayol-Dilfuza: kasbimdan faxrlanaman
Suvchi ayollar uchun kasbning eng katta qadriyati - odamlar duosini olish. Xonadonda krandan musaffo suv oqayotganini ko‘rish, muammo bilan murojaat qilgan fuqaroning masalasi hal etilganidan keyingi minnatdorligi ular uchun eng katta rag‘batdir.
Surxondaryoning jazirama yozlari, uzoq hududlari va turli sharoitlari suv ta’minoti sohasi xodimlaridan alohida matonat talab qiladi. Ba’zan ish vaqtidan tashqari paytda yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish, muammoli hududlarga tezkor yetib borish yoki suv ta’minotidagi uzilish sabablarini aniqlash zarur bo‘ladi. Aholi murojaatlari bilan ishlab kelayotgan suvchi Dilfuza Bekkamova bunday paytlarda erkak hamkasblari qatori o‘z vazifasini sidqidildan bajarib, xalq xizmatida ekanini amalda namoyon etmoqda.
Ayniqsa u
kabi xodimlarning mehnati ko‘pincha ko‘zga tashlanmasligi mumkin. Ammo har bir
ta’mirlangan tarmoq, qayta tiklangan suv ta’minoti, o‘z vaqtida ko‘rib chiqilgan
murojaat va aholiga yetkazilgan ichimlik suvi ortida ana shu zahmatkash
insonlarning mehnati turadi.
Ayollar
uchun suv ta’minoti sohasida ishlash bir qarashda noodatiy kasbdek tuyulishi
mumkin. Aslida esa zamonaviy suv xo‘jaligi tizimida ayollarning bilim va
salohiyatiga ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
Bugungi suvchi ayollar nafaqat o‘z vazifasini bajarmoqda, balki sohaga yangicha
yondashuv, tartib-intizom va insonparvarlik tamoyillarini olib kirishda ham
faol ishtirok etmoqda.
Ular orasida
Dilfuza opadek muhandislar, dispetcherlar, abonentlar bilan ishlovchi
mutaxassislar, laboratoriya xodimlari, hisobchilar, operatorlar va boshqa
yo‘nalishlarda mehnat qilayotgan ayollar bor. Har birining o‘z vazifasi, o‘z
mas’uliyati bo‘lsa-da, maqsadi bitta-aholini barqaror va sifatli ichimlik suvi
bilan ta’minlash.
Ko‘pincha
krandan oqayotgan suvning ortida qancha mehnat borligini o‘ylab ko‘rmaymiz.
Aslida esa uning har bir tomchisi ortida suv inshootlari, quvurlar, nasoslar,
laboratoriya nazorati va eng muhimi, inson mehnati turadi.
Shu ma’noda
Dilfuza opa aytganidek suvchi ayollar mehnati nafaqat kasbiy faoliyat, balki
jamiyat farovonligiga qo‘shilayotgan muhim hissadir. Ular har kuni odamlarning
eng zarur ehtiyojlaridan birini ta’minlash uchun xizmat qilmoqda.
Surxondaryoning
suvchi ayollari timsolida mehnatsevarlik, sabr, matonat va kasbga sadoqat
mujassam. Ularning har bir ish kuni xalq farovonligi uchun qo‘yilgan yana bir
muhim qadamdir.
Bugun Dilfuza oapdek suvchi ayollarga
qarab, bir haqiqatni anglash mumkin: ayolning kuchi faqat oila va tarbiyada
emas, balki jamiyatning eng muhim sohalarida ham namoyon bo‘ladi.
Ularning
mehnati ko‘zga ko‘rinmas bo‘lishi mumkin, ammo natijasi har bir xonadonda
seziladi. Chunki musaffo suv oqayotgan har bir xonadonda, aslida, suvchi
ayollarning ham zahmati, fidoyiligi va ezgu mehnati bor.
Комментариев нет:
Отправить комментарий