Baxtli
yasha Ayol
Yurtimizda yangilanish va
yasharish fasli - bahor nafasi urishi bilan, ayollar har qachongidanda ko‘proq
qadrlana boshlanadi. Xalqaro miqyosdagi keng nishonlanadigan xotin-qizlar kuni
yurtimizning har bir go‘shasida, muassasa va tashkilotlarda, mahalla va
xonadonlarda o‘z aksini ko‘rsatadi.
Sharqda azaldan ayol zotiga ehtirom ko‘rsatilgan.
Mustaqillik yillarida bu hurmat va
ehtirom darajasini yangi bosqichlarga ko‘tarildi. Mamlakatimizda onalik va
bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan
qo‘llab-quvvatlash, ularning siyosiy faolligini oshirish bo’yicha keng
shart-sharoit yaratildi. Darhaqiqat, ayollari ulug’langan xalq
azal-azaldan yuksak madaniyati va oliyjanob qadriyatlarini amalda namoyon
qilgan millat sifatida e’tibor qozongan. Yurtimizda bu an’anaga asrlar davomida
amal qilingan. Shu sababmi ayol go‘zal bo‘lsa - olam go‘zal, ayol baxtli bo‘lsa
-oila, butun jamiyat baxtli bo‘ladi, degan qarash ongu shuurimizga chuqur kirib
borayotgani va bizning hayotiy falsafamizga aylanayotganini har tomonlama
anglab yetayapmiz.
1991-yilda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ayollar bilan ishlash
tizimini yaratish borasidagi tashabbusi asosida O‘zbekiston Xotin-qizlar
qo‘mitasi tashkil etildi. Bugungi kunda u yirik jamoat tashkiloti sifatida
ayollarga oid davlat siyosatini aholiga yetkazish, uning davlat va jamoat
tashkilotlari bilan hamkorligini mustahkamlash, opa-singillarimizning ijtimoiy
faolligiga oid yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surish, mazkur
yo‘nalishlarga doir dastur hamda hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini
ta’minlashda alohida faollik ko‘rsatmoqda.
Bugun esa O‘zbekistonda yashayotgan
har bir ayol, chin ma’noda, baxtli. Zero, uning huquq va erkinliklari qonunlar
bilan mustahkamlangan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, o‘nlab
qonunlar, saksonga yaqin farmon va qarorlar, davlat dasturlari xotin-qizlarning
ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, oila va jamiyatdagi mavqeini
mustahkamlash, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilishda huquqiy asos bo‘lib
xizmat qilmoqda. Quvonarlisi qadr qimmati ulug’langan yurtda baxtiyor umr
kechirayotgan ayollar umr ko’rsatkichlari ham uzaydi. Istiqlol yillarida
ayollarning umr ko‘rish davomiyligi 67 yoshdan 75,8 yoshga uzaygani, onalar va
bolalar o‘limi 3 barobardan ziyodga kamaygani buning yorqin dalilidir.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, 90-yillarda homilador ayollarning 70-80 foizi
anemiyadan, katta qismi uning o‘rta va og‘ir formalaridan aziyat chekar edi. Bu
nafaqat onalar salomatligiga, shu bilan birga, bolalar sog‘lig‘iga ham salbiy
ta’sir ko‘rsatar edi. Hozirgi vaqtda ushbu holat yaxshilanib, yurtimizning
turli hududlarida anemiya va uning og‘ir formalari sezilarli darajada kamaygan.
Mazkur yo‘nalishlar ijrosiga qaratilgan ishlarning uzviy va tizimli
ravishda olib borilayotgani, albatta, soha rivojida, pirovardida millat
salomatligini asrashda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Har yili Davlat
budjetidan milliardlab so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Ayni vaqtda homilaning
to‘liq rivojlanishini ta’minlovchi tarkibida 13 xil vitaminlar va 10 xil
mikroelementlar mavjud bo‘lgan polivitaminlar kompleksi qo‘llanilayapti.
Aytish
kerakki xotin-qizlarga e’tibor hamma vaqt barcha sa’y-harakatlarimiz markazida
bo‘lishi, hammamizning vazifamizga aylanishi kerak. Oilaga e’tibor aslida bu
o‘zligimizga e’tibordir. Shunga qaramay jamiyatimizda kamchiliklar ham uchrab turadi. Xotin-qizlar
qo‘mitalari faoliyati qoniqarsiz. Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan
ayollarga ko‘mak berish, erta nikohlar, ajrashishlar va ayollar jinoyatchiligining
oldini olishga yetarlicha e’tibor berilmagani ayni haqiqat. Oxirgi yillarda
ajrashishlar soni har yili 10-11 foizga oshib borgani tashvishlanarlidir.
2017-yilda 31 mingdan ziyod ajralish holati qayd etilgan. Buning oqibatida,
asosan, ayollar va bolalar jabr ko‘rmoqda. Buning oqibatida ayollar o‘rtasida
jinoyatga qo‘l urish hollari ko‘p uchramoqda. Onalar va go‘daklar o‘limi
qayd etilayotgani, nogiron bolalar tug‘ilayotgani – xotin-qizlarning
reproduktiv salomatligini ta’minlash bo‘yicha ishlar mutlaqo qoniqarsiz ekanini
ko‘rsatmoqda. Har yili 95 foiz homilador ayollar perinatal skrining
tekshiruvidan o‘tkazilsa-da, natijasi amalda sezilmayapti.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev
mamlakatimiz xotin-qizlarining hayotiy muhim manfaatlarini ta’minlash, turmush
sharoitlarini har tomonlama yaxshilash bo‘yicha vazifalarni belgilab berish
maqsadida 2018-yil 2-fevralda “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila
institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini qabul qildi. Farmonda yuqorida qayd
etilgan muammolarni hal etish, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash
bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilangan. Respublika, viloyat, shahar va
tumanlar xotin-qizlar qo‘mitalari tuzilmasi tubdan takomillashtirildi. Xotin-qizlarning
tibbiy madaniyatini oshirish, kam ta’minlangan oilalarga manzilli tibbiy yordam
ko‘rsatish, respublika skrining va reproduktiv markazlari xizmatlarini yanada
rivojlantirish bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshiriladi.
Jamiyatning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati, hurmati xalqning, millatning
madaniy darajasini va ma’naviy kamolotini belgilaydi. Mamlakatimizda
ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy hayot va madaniyat sohalaridagi, davlat va
jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki faollashib borayotgani ularga ko‘rsatilayotgan
yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikdan dalolatdir. Zotan, har bir ayol uchun tinch va
farovon yurtda yashashdan, oila va jamiyat e’zozida bo‘lishu sog‘lom
farzandlarni kamolga yetkazishdan ortiq saodat yo‘q.
Mastura Ashur
qizi
Комментариев нет:
Отправить комментарий