Ziyorat ulug‘ amal
Ziyorat qilishning savobligini yaxshi bilamiz. Bemordan hol-ahvol
so‘rab, duosini olish jannat yo‘llarida yurgandek xayrli. O’tib ketgan
yaqinlarimiz yoki ajdodlarimiz qo’nim topgan maskanlarga ziyorat qilish,
saodatdir. Nainki umuman, har qanday
ziyorat odoblarini bilish har kim uchun foydalidir. Ho’sh biz ana shu ziyorat
qilish va uning naqadar savob va hayrli ekanligi, uning ham uziga yarasha odob
qodalari borligini bilamizmi?
Yurtimizda ziyoratgohlar ko‘p. U
yerda mangu qo’nim topgan, yurtimizda yashab o‘tgan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar
yoki buyuk sarkardalarni chin yurakdan e’zozlab o‘rganganmiz. Imkon topgudek
bo‘lsak, ulug‘larning qadami tekkan maskanlarga safarga chiqamiz. Qadimgi
avlod-ajdodlarimizdan qolgan yodgorliklarni, Imom Buxoriy, Marg‘iloniy,
Termiziy, Pahpavon Mahmud singari azizlarning maqbaralarini ziyorat etib,
ruhlariga duo o’qiymiz. Ular bilan g‘ururlanib gapirishni yaxshi ko‘ramiz. Ammo
biz ularning izdoshlari ilm-fanda, odob-axloqda, din-diyonatda, imon-e’tiqodda
qay holdamiz? Biz o‘sha zotlarning
abadiy maskanlarini aqalli ziyorat qilish odobidan boxabarmizmi?
Har bir amalning
tartib-qoidalari bo‘lganidek, qabrlarni ziyorat qilishning ham bir qancha
odob-tartibotlari bor. Eng avvalo qabristonga borishdan oldin niyatni o‘nglash,
qabr ziyorati faqat Alloh taolo rizosi uchun bo‘lishini niyat qilishi kerak.
Payg‘ambar alayhissalom: “Qabrlarni ziyorat qilinglar, chunki u sizlarga
oxiratni eslatadi”, deganlar.
Qabr ziyoratiga boruvchi kishi g‘uslli va tahoratli bo‘lishi,
ochiq-sochiq, behayo kiyimlarda, ba'zi erkaklarga o‘xshab kalta shimda
bo‘lmasligi kerak. Qabristonda go‘yo tirik kishilar orasida yurgandek tavoze'
va odob bilan yuriladi, qabrlar oralab yoki ular ustidan o‘tilmaydi. Xalqimizda
“Qabrni bosganimdan ko‘ra otash-cho‘g‘ni bosganim yaxshiroqdir”, deyishgan.
Ziyorat chog‘ida qabrdagilardan yoki aziz-avliyolardan madad, shifo,
farzand, hojat barorini so‘rash, qabrga qarab sajda qilish, qabr tuprog‘ini
yuz-ko‘zga surtish, avliyolar maqbarasini o‘pish va atrofini tavof qilish, yosh
bolalarni qabr ustida yumalatish, qabrda yotgan ulug‘larga atab jonliq so‘yish
Islom shariati qaytargan amallar hisoblanadi.
Qabr ziyoratining yana bir
xususiyati shuki, u insonni kim ekanini, oxiratni, dunyodagi o'rnini, Alloh
huzuridagi burchini eslatib turadi.
Ya'ni, oxiratni eslatib, dunyoga hirs qo'yishdan saqlaydi. Inson
ziyoratga borib, o'zini o'nglaydi, dunyoning bir o'tkinchi ekanligini eslaydi,
odamzotdan o'zi qilgan yaxshiliklari qolishini anglaydi. To'plangan mol-dunyolar
insonga vafo qilmasligi, bu dunyodan ulardan biror narsa olib keta olmasligi,
faqatgina insonning xayrli amallari qolishi ziyorat asnosida ko'ngildan o'tadi.
“Rasululloh sollallohu alayhi va
sallam ko'p-ko'p ziyorat qiluvchi ayollarni la'natladilar”, degan hadisi
sharifni ulamolar ayollarning sabr-toqatlari kamligi, ular tezda ho'ngrab
yig’i-sig’i qilaverishlari oqibatida aytilgan, deganlar. Shuningdek,
“ko'p-ko'p”, deyilishidan ayollar o'z oilalari va uy ichi ishlariga qaramasdan
ziyoratma-ziyorat yuraverishlaridan qaytarilgan. Ayollarning yarim yolang’och,
boshyalang bo'lib ziyoratgohlarga borishlari, ayniqsa aziz avliyolarning
huzurlarida bu holda turishlari, albatta, gunoh ishlardandir. Agar ayollar ust
boshi yopiq holda, mahramlari bilan birga ziyoratgohlarga borsalar, yig’i-sig’i
qilmasdan sabrli bo'lishib, oxiratni eslab, Allohni yod olsalar, ziyoratdan
hech mone'lik yo'q.
Qabr oldiga borganda, oyoq
kiyimini echish odobdandir. Qabrdagi kimsaga odob bilan, sekin salom beradi.
Inson tirik vaqtida qanchalik hurmat-izzatga sazovor bo'lsa, vafot qilganidan
so'ng ham shunchalik hurmat-izzatga loyiqdir.
Ziyorat qilinayotgan odamga, qabr egasiga ham foyda etkazish bor. Duoyi
xayr qilinsa, Qur'on tilovat etilsa, duo va tilovatning savobi o'lganlarga
albatta etib boradi.
Uzoq masofalarda joylashgan
ulug’ zotlarning qabrlarini ziyorat qilishga atayin niyat qilib borish,
ayniqsa, payg’ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak
qabrlarini ziyorat qilish maqsadida yo'lga chiqishni ahli sunnat va jamoat
ta'limotiga ergashgan ulamolar, ya'ni to'rt mazhabning biriga amal qiluvchi
olimlar joiz deganlar.
Комментариев нет:
Отправить комментарий