“Turkiy guliston yoxud axloq” asaridagi tarbiyaviy,
axloqiy qarashlar
Ma’lumki, inson barkamolligi uning tashqi
ko’rinishiga qarab emas, balki uning ma’naviy dunyosiga qarab belgilanadi. Jamiyatning ravnaqi va kelajagi ana shu jamiyatda
yashovchilarning ma’naviy kamolotiga bog’liq.
Zero, ma’naviy qashshoq insonlar
bilan kelajagi porloq jamiyat qurib bo’lmasligi hayot haqiqatidir. Barkamol
insonni tarbiyalash vazifasi esa muayyan darajada maktab zimmasiga yuklatilgan.
Demak, ertangi kun egalari bo’lmish farzandlarimiz kamoloti ana shu ilm maskani
bilan bog’liq. Bas, shunday ekan, butun e’tiborimizni maktabda olib
borilayotgan ta’lim-tarbiya ishiga qaratmog’imiz lozim. Bu esa, asosan, tarbiyachi-murabbiyga, u olib
borayotgan tarbiyaviy ish samaradorligiga bog’liq. Odamlar o’rtasida
mehr-oqibat, haqiqiy insoniy munosabatlarni qaror toptirishda sinf tarbiyaviy
soatlari xushaxloqlik tarbiyasi saboqlari – katta ahamiyatga ega. Zero, yaxshi
tarbiya insonning bebaho boyligidir.
Tarbiya vositasida yosh avlodni yetuk
insonlar qilib yetishtirish oldimizda turgan eng dolzarb mavzulardan biridir.
Maktab milliy madaniyat, milliy
urf-odatlar va qadriyatlarimiz asoslarini o’rgatadigan asosiy maskandir. Zotan,
o’zligini, o’z ajdodlari kim ekanligini, o’z tili, o’z milliy madaniyati va
tarixini, qadriyatlarini, urf-odatlari va an’analarini, tarixiy ma’naviy
merosini bilmay turib haqiqiy baynalmilal inson bo’lish ham mumkin emas.
Jumladan, o’z vataniga, o’z millatiga –
xalqiga sadoqat, fidoyilik, bag’rikenglik, adolatlilik, kamtarlik,
mehr-muruvvatlilik, o’zligini anglash, sevgi, vafo, ilmga chanqoqlik,
yuksaklikka intilish, mehnatsevarlik, bardoshlilik, sabr-qanoat, saxovatlilik,
jasoratlilik, ogohlik, turli illatlarga qarshi kurashuvchanlik, andishalilik,
mehmonnavozlik, do’stlik va birodarlikni ulug’lash, avlod-ajdodlariga cheksiz
hurmat-ehtirom, o’z millati, tilini va qadriyatlarini avaylab-asrash kabilar
millatimizga xos xususiyatlardir.
1913-yilda quyida keltirilgan
xususiyatlarni o’zida jamlagan A.Avloniyning “Turkiy guliston yoxud axloq”
asari bosilib chiqdi. Ushbu asarida Abdulla Avloniy tarbiyada bolalarning
fikrini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor bilan qaratadi.Negaki,
fikrlash iqtidorini egallash oliyjanob g’oyalar tomon intilish demakdir.
Shunday ekan, aqlli odamning axloqsiz bo’lishi qiyin. Avloniy ana shu ikki tushunchalarni yaqin va birlikda ko’radi.
Nihoyat, gap xulqqa kelib taqaladi.
Avloniy ularni ikkiga – yaxshi va yomon xulqqa ajratadi.
Muallifning fikricha, aql bilan ish tutish
– fatonat, sa’y-g’ayrat, shijoat, ilm egallash, pokizalik, nazokat, sabr-toqat,
intizom, vijdonli bo’lish, vatanni sevish, haqtalablik, hamma narsaga ibrat
ko’zi bilan qarash, hayo, iffat, til odobi, idrok va zako, munislik va
xayrixohlik, sadoqat, adolat, muhabbat, afv kabilarni yaxshi xulq sirasiga
kiritadi va mukammal inson uchun zarur bo’lgan fazilatlar deb hisoblaydi. Adib
bularning har biriga alohida-alohida to’xtalib o’tadi. O’z mulohazalarini
dalillash uchun Aristotel, Platon, Gippokrat, Sa’diy, Mirzo Bedil singari
mashhur mutafakkirlarning fikrlarini keltiradi. Adib har bir axloqiy
kategoriyaga o’z munosabatini bildirganda, albatta, o’sha fikrini ifodalovchi bayt yoki biror
maqol-hikmat ilova qiladi.
“Bir tog’ning o’rnidan ko’chib
ketganini eshitsangiz, ishoningiz, ammo bir odamning xulqi boshqa bo’ldi deb
eshitsangiz ishonmangiz”, - demishlar.
Xulqi yomon yuz, ko’zlidin na sud
Yuz, ko’zli xulqni qilmas kashud
Xulq mariziga davo istasang,
Marg davosin berilur qistasang.
Xulqi yomoning keturar ko’p zarar
Xulqing o’zi boshingga kaltak urar.
Xulqi fano bo’lsa degil alhazar,
Xor-u zalilikda qolur darbador.
Axloq ulamosi insonlarning xulqlarini
ikkiga bo’lmishlar Agar nafs tarbiyat topib, yaxshi ishlarni qilurga odat
qilsa, yaxshilikg’a tavsif bo’lub “yomon xulq” deb atalur.
Avloniy shu bilan birga, so’zning inson
qadr-qimmatini belgilashdagi roliga umuminsoniy qarashlardan kelib chiqib baho
beradi. So’zning ma’nosiga alohida diqqat qildi. Til va so’z odobiga oid
umuminsoniy fikrlarni davom ettirdi. “So’z insonning daraja va kamoloni, ilm va
fazlini o’lchab ko’rsatadurg’on tarozisidur. Aql sohiblari kishining dilidagi
fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qimmatini so’zlagan so’zidan
bilurlar…”
“Agar so’z aql va hikmatga muvofiq
bo’lib, o’ziga yoki eshituvchiga bir foyda chiqaradurg’on bo’lmasa, asalarilar
orasidan go’ng’illab yurgan qovog’arilar kabi quruq g’o’ng’illamoq faqat bosh
og’rig’idan boshqa narsa emasdir. Boshimizga keladirg’on qattiq kulfatlarning
ko’pi yumshoq tilimizdan keladur. Shuning uchun “Ko’p o’yla, oz so’zla” –
demishlar”.
Insonni bezaydigan sifatlar ko’p.
Chinakam inson yalqovlik va dangasalikni o’ziga nomus deb biladi. Yoshligidan
ilm, ma’rifatga, hunar va san’atga mehr qo’yadi. Mehnatning aybi yo’q. Qora
ishchi bilan olimning zahmati ko’rinishidangina tafovutli. Ammo ularning har
ikkisi ham mehnat qiladi. Mehnat bilan kun kechirish esa buyuk saodat. Aksincha
“… bu ko’murchilik, bu temirchilik – manga munosib ish emas, deb dangasalik
qilub, ishsiz yursa, zo’r ayb, g’ayratsizlikdur…”
Shuningdek, inson moddiy ne’matlarni
yaratishdan tashqari, ularning qadriga ham yeta bilmog’i kerakligi haqida
to’xtaladi.. Bular o’zaro juda yaqin, biri ikkinchisidan kelib chiqadurg’on
tushunchalardir. Kimki bir parcha nonni mehnat bilan topsa, uning qadriga ham
yetadi. Bu haqda adib quyidagi fikrni bayon etgan edi: “Iqtisod deb pul va mol
kabi ne’matlarning qadrini bilmakni aytilur. Mol qadrini biluvchi kishilar
o’rinsiz yerga bir tiyin sarf qilmas, o’rni kelganda so’mni ayamas. Saxovatning
ziddi baxillik o’ldig’i kabi iqtisodning ziddi isrofdir…”.
Avloniyning “Hayo dilni ravshan qiladirg’on bir nurdirki,
inson har vaqt shul ma’naviy nurning ziyosiga muhtojdir” degan fikri ham
o’rinli bolib, unda ma’naviy nurning
ziyosi xususida to’xtaladi.
Zero, Hazrati Luqmon: “Iffat nomusning
eng mahkam suyanchig’idir. Nafsning hujumiga shul quvvat ila muqobala qilinur”
deydi.
Avloniy xulq haqida so’z yuritganda
masalaga shunchaki, umumiy yondashib qo’ya qolmay, balki aniq gap aytishga
intiladi. Adibning diqqat markazida hamisha insoniylik mezoni turadi. Bu mezon
esa doimo keng omma manfaatlari nuqtayi nazarini ifoda etadi.
Dilbar Normurodova
Termiz shahar 11-umumiy o’rta ta’lim maktabining
oliy toifali ona tili va adabiyot fani
o’qituvchisi
Abdurazoqova Umida
Termiz shahar 11-umumiy
o’rta ta’lim
maktabining 11-sinf o’quvchisi
Комментариев нет:
Отправить комментарий