среда, 12 декабря 2018 г.

                                            TO’Y – TARBIYA VOSITASI
   Dunyodagi ko’p xalqlar qatori biz – o’zbeklarda ham azaldan oila va nikoh muqaddas sanalib, e’zozlangan. Shu bois o’zbeklar doimo to’ylariga alohida e’tibor berganlar. Ajdodlarimiz nikohni Olloh buyurgan shariat qoidalariga qattiq rioya qilgan holda o’tkazishga intilganlar.


To’y rasm-rusmlari ham nikohni, oilani mustahkamlashga qaratilgan. To’ylar xalqni ma’naviy-ruhiy tomondan tarbiyalovchi vosita bo’lgan. To'y-hasham ham  ma'raka va marosimlar ham milliy ma'naviyatning ajralmas qismi hisoblanadi. Shuning uchun bu borada har bir xalqning o'z merosi, an'analari va qarashlari mavjud.To'y-hasham hamda ma'raka va marosimlar o'zgarib, zamonga moslashib ham boraveradi. Ana shu o'zgarishlar jarayonida ularda milliy ma'naviyatimizga zid, ya'ni nomanzur manzaralar ham namoyon bo'lyapti. Ayrim kimsalar aynan ana shunday to'y-hasham va ma'raka marosimlaridan o'zlarining jamiyatdagi mavqelarini sun'iy ravishda ko'tarib olish, boyliklarini ko'rsatib qo'yish, kimdandir o'zib ketganini isbotlash va boshqa shu kabi noma'qul maqsadlarini amalga oshirish uchun foydalanyapti. Dunyodagi har bir xalq o'z qadriyatlariga suyanib, asrab-avaylab, ularga amal qilib yashaydi. Shu ma'noda to'y va marosimlar – qadriyatlarimiz ko'zgusi hisoblanadi. Afsuski, hozir ham hashamatli to'ylar, ma'rakalarni kim o'zarga o'tkazayotgan fuqarolarimiz uchrab turibdi.To'y-marosimlarimizda yangicha illatlar kundan-kun ildiz otmoqda va biz bu jarayonda tomoshabin bo'libgina qolmoqdamiz. Bu holatlar xalqimizning «to'qlikka sho'xlik» degan iborasini yodga soladi.Barchasining oqibatlarini aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi: oilaviy mojarolar, er-xotin orasidagi nizolar, qo’ydi-chiqdilar, bolalarning tirik yetim qolishi, yetimxonalarning ko’payayotganligi va hokazo… hokazo…. Bular nima? Qanday gunohlarimiz va xatolarimiz evaziga ko’rayotgan ko’rguliklarimiz bular? Axir, kamtarona va pokiza to’ylar o’tkazgan bizning ajdodlarimiz bunday fojealarni bilmaganlar-ku, bunay ishlarni o’zlari uchun or bilganlar-ku?! Bugun o’zligimizga qaytadigan davr kelmadimikan?
    Nikohning muqaddasligini anglash, uni pok saqlash, asrash o’rniga latta-puttaga berilish, mol-u dunyoga, dabdabaga, hoy-u-havasga hirs qo’yish tobora avjiga chiqmoqda. Ijtimoiy hayotdagi iqtisodiy taqchillikka qaramay, to’ylarni dabdabaga aylantirish, dasturxonga, sarpo va liboslarga hasham berish, kayf-safo, maishatga mukkasidan ketish kamayish o’rniga kuchaymoqda. Bunday to’ylar juda ko’pchilikning joniga tekkan bo’lsa-da, to’ylarni boshqacha tartibda o’tkazish uchun hech kimda iroda, qa’tiyat yetishmayapti.
   Dabdabali to’ylarda xalqimizning ko'hna va boy madaniyati emas, balki ayrim kimsalarga xos bo'lgan maqtanchoqlik, xo'jako'rsinlik, kibru havo namoyon bo'lmoqda.Birgina kelin tomonning mebelu sarpo-suruq hamda kuyovning uyini bezash kabi yaramas illatlar tobora ildiz otayotgani har bir mulohazali kishini tashvishlantirmasdan qolmaydi, albatta.
  Bu jiddiy masalani Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ijod ahli bilan uchrashganlarida shaxsan tilga olib o'tdi. Prezidentimizning Olmaliq shahriga tashrifida ham to'y mavzusi yana ko'tarildi. Ushbu uchrashuvlar mobaynida jonkuyarlik bilan aytilgan, behuda odatlardan voz kechgan holda avvalo yurtdoshlarimizning sog'lig'ini, moddiy va ma`naviy dunyosini asrashga qaratilgan so'zlar aytildi.Prezidentimiz  nutqlarida Toshkent shahridagi to‘ylarda paydo bo‘lgan “kelin-navkar” odatini alohida tanqid qilib, “yoshlar bunday bemaza qiliqlarni kimdan o‘rganyapti?”, deb savol qo‘ygan.
Chindan ham, o'sha «kelinnavkar», «Love story», o'nlab mashinalardan kortej yasash, odamlardan ortib qolib chiqindiga tashlanadigan ulkan tort kesish kabi yangicha odatlar qadriyatlarimiz, o'zbekchiligimizga mutlaqo yot narsalar emasmi?       Axir, nonning uvog'ini ham uvol qilishni katta gunoh deb biladigan xalqqa yarashadimi shu odatlar?!
Prezident to'y qilayotgan oilalarga qiyin bo'lmasligini — yangi paydo bo'lgan urf-odatlarni bajaraman, deya mutlaqo o'zini oqlamaydigan ortiqcha sarf-xarajatlarga kirib, qarzga botib, sog'lig'idan ayrilib qolayotgan hamyurtlarimizni o'ylab, bunday ko'ngilsizliklarning oldini olish haqida kuyunchaklik bilan gapirib o'tdi. Ayni paytda jamiyatimizda yosh oilalarning buzilib ketayotganiga bosh sabab ana shunday to'ylar ortidan kelayotgan mashmashalar ekanligi hamma joyda aytilayapti-ku!? Hamma ko'rib-bilib, o'zi guvoh bo'lib turibdi bunday «tomosha»larga. Bunday dabdabali to'ylarga ich-ichidan qarshi bo'lgan, ammo «odamlar qilyapti, men ham qilishga majburman, qaniydi hammani birday tartibga soluvchi qonun-qoidalar bo'lsa» deb o'ylovchi yurtdoshlarimiz ham ko'pligini bilamiz.  
 Bezak ishlari. Zamonaviy to`ylar asosan restoranlarda nishonlanayotgani bilan udumlarimizga binoan kelin-kuyovning tug`ilib o`sgan joyida karnay-surnay chalinib, atrofdagilarni ikki yoshning to`yi bo`layotgani haqida xabardor qilinadi. Tabiiyki, ko`chada o`tgan-ketganlar kimni to`yi ekan, deb qiziqib ikki juftni baxtli bo`lsin, deya duo qilib qo`yadi. Endi esa ularning uyi oldida mato burmalari, shar va gullar bilan bezatilgan yangicha uslubdagi ustunlarga ko`zingiz tushgan bo`lsa kerak-a?. Tort auksionini ochiq deb e'lon qilamiz! Darvoqe, to`y oqshomi haqida gap ketganda to`yxona top yangiligi ichida yuqori o`rinlardan birini egallagan tort auksioni haqida ham aytib o`tishni lozim topdik. Chet el kinofilmlarida kelin-kuyovning tort kesib bir-biriga shirinlik yedirish marosimini kuzatganmiz. Bir muncha vaqt o`tib, huddi shu odat bizning to`ylarda ham keng qo`llanadigan bo`ldi. Endi esa kelin-kuyov torti auksionga qo`yilayotganini eshitib, hayratdan og`zingiz ochilishi turgan gap..
 Hamma raqsga tushsin... kelin-kuyov ham! Juftlikning to`y marosimida tushadigan chiroyli raqs oldindan tayyorlanishi sir emas. Vals profisional baletmeyster yordamida maromiga yetkazib sahnalashtiriladi. Yoshlarning atrofidagi oq qushdek go`zal raqqosalar manzaraga yanada afsonaviy tus beradi. Salgina xiralashtirilgan chiroqlar, rangli projektor yordamida lazer o`yini, osmondan yog`iladigan sovun ko`piklari va oppoq tutun mehmonlarni lol qoldirishi turgan gap... Guldasta otish.. Kelin guldastani orqasiga qaramay otadi, uni ilib olgan qiz yaqin orada turmushga chiqar emish. Bu irimga ishonganlar guldastani tutib olishga shoshib qolishlarini to`yxonada hamma kuzatib turadi. Shu orada bir ertak esimga tushdi. Bir oilaning uch qizi bor ekan. Uyiga kelgan sovchi qaysi qizni tanlashni bilmay shunday shart qo`yibdi: kimning choy qaynatg’chda choyi birinchi qaynasa, shuni kelin qilamiz. Katta qiz hadeb qaynatgichning suvi qaynayabdimi, deya qopqog`ini ochib ko`raveribdi. O`rtanchasi ora-chorada qopqoqni ochib qarabdi. Kenja qiz esa samovarni olovga qo`yib hotirjam kutibdi. Uning choyi eng tez qaynagan ekan. Izohga o`rin yo`q, xulosasi sizdan...
    Ba’zi bir joylarda esa ayrim to`ylarda onalarga atab berilgan gulni kattaroq ayollar talashishar ekan. Ishonish qiyin, lekin buni o`z ko`zlarim bilan ko`rganman. Men ham shunday to`ylarni ko`ray, farzandimni uyli-joyli qilish nasib qilsin, deya kelin-kuyov poyiga sochilgan popukni niyat qilib olgan ayollar diqqati endi onalar qo`lidagi gulga qaratilgan... 
    Xulosa: zamonning to`xtama kundalik hayot yoki bayram tadbirlarida yangicha odatlarning kashf qilinishi bu yashayotganimizdan, oldinga ildam qadam tashlayotganimizdan dalolat. Faqat yangicha odatlar atrofdagilar va o`zimizga ziyon keltirmasligi, moddiy jihatdan hech kimni qiynab qo`ymasligi muhim, menimcha. Axir eng baxtli hisoblangan nikoh kechasi insonga xursandchilik olib kelishi kerak, shunday emasmi?
   Ming dabdabali, ming xarajatli to'y qilmang, siz gapirishini, alqashini istagan odamlar uzog'i bir, boringki, ikki hafta gapirib yurishadi. Albatta, shunga imkoniyati yetadiganlar o'z mablag'larini istaganicha tasarruf etishga haqli. Lekin «laylak»ka taassub qilayotgan «chumchuq»lar-chi? Ko'rpachaga qarab oyoq uzatib, to'ylarni ixcham, chiroyli, milliy urf-odat va an`analarimizdan chetlashmasdan tashkillashtirish sog'lom aql, mantiq talabi-ku.
Umida Abdurazoqova
Termiz shahar  11-maktab 10-sinf o’quvchisi

                       

Комментариев нет:

Отправить комментарий

  Сурхондарёда географик объектларни номлаш ишлари амалга оширилмоқда Ҳозирда географик объектларни номлаш жараёнлари 2018 йил 14 декабрда қ...